02/05/2025

     Boshqarmada o‘tkazilgan “Targ‘ibot tadbiri va siyosiy-ma’rifat soati”da haftaning muhim yangiliklari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-71-sonli farmoni mazmun-mohiyati to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

     Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning 2025-yil 5-martda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va amaliy chora-tadbirlar dasturi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlangan. Vazirlik va idoralar rahbarlariga mazkur Farmon va uning ilovalarida belgilangan vazifalarni sifatli, o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilgan.

     Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash har yili hududlar kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, prokurorlar va ichki ishlar organlari boshliqlari bilan birgalikda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan, maishiy korrupsiyaga barham berish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish bo‘yicha “yo‘l xarita”sini tasdiqlab, ijrosi ustidan nazoratni ta’minlanishi belgilangan. Qaror mazmun-mohiyati yuzasidan ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.